Roberto Martines: «O‘sish uchun birinchi oʻyindagidek bahslar kerak boʻladi»
JCh-2026 guruh bosqichi 2-turi doirasida Portugaliya milliy jamoasi O‘zbekiston terma jamoasini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv AQShning Hyuston shahridagi NRG Stadium arenasida bo‘lib o‘tdi.
O‘yindan keyin Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines jamoasining harakatlaridan mamnun ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar maydonda birinchi uchrashuvdagidek ishtiyoq va fidoyilik ko‘rsatishgan, biroq bu safar jamoaning o‘yinida ko‘proq tajriba va yetuklik sezilgan.
“Bugun biz kiyinish xonasida aynan shunday reaksiyani ko‘rdik. Turnir davomida o‘sish uchun ba’zan birinchi o‘yindagidek bahslar ham kerak bo‘ladi. Bugun esa biz xuddi o‘sha kayfiyat va fidoyilikka ega, ammo ancha yetukroq jamoani ko‘rdik. Chunki bu endi birinchi o‘yin emas edi. Natijadan juda mamnunman”, — dedi Martines.
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya terma jamoasi JCh-2026dagi ilk uchrashuvida DR Kongo bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. O‘zbekiston ustidan qozonilgan yirik g‘alaba esa portugaliyaliklarning guruhdagi holatini ancha yaxshiladi.
Mazkur bahsda Krishtianu Ronaldu dubl qayd etdi. Shuningdek, Nunu Mendesh va Rafael Leau ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Yana bir gol esa O‘zbekiston futbolchisi Utkir Yusupovning avtogoli sifatida qayd etildi.
Maʼlumot uchun, Portugaliya navbatdagi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston esa guruhdagi so‘nggi uchrashuvini DR Kongoga qarshi o‘tkazadi.