Roberto Martines: Krishtianu borasida kelajakni bashorat qilish kerak emasligini juda tez tushunib yetdim
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines Ronaldu qachon faoliyatini yakunlashi haqidagi savolga javob berdi.
«Buni aytish menga qiyin. Krishtianu borasida kelajakni bashorat qilish kerak emasligini juda tez tushunib yetdim. Unda ajoyib mentalitet bor, u har doim bugungi kunda eng yaxshi holatda bo‘lishga intiladi. Agar o‘zidan so‘rasangiz ham, shunday javob beradi. U uzoq muddatli rejalar tuzmaydi.
Uning yumshoq to‘qimalaridan jarohat olgani rost. Katta ehtimol bilan, u kelasi haftadan guruh mashg‘ulotlariga tayyorgarlikni boshlay oladi. Bu jiddiy muammo emas.
Krishtianu – bizning sardorimiz. U jamoaga ulkan ta’sir o‘tkazdi va muhim rol o‘ynadi. U bilan biz Millatlar ligasida g‘alaba qozondik. Uning jamoamizdagi o‘rni muhim: u jarima maydonchasi ichida so‘nggi harakatlarni amalga oshiradi, raqib darvozasi uchun xavf tug‘diradi va hujumlarni yakunlashni yaxshi biladi. Uning fikrlash tarzi boshqalarni ham ilhomlantiradi. U har bir kunini xuddi so‘nggisidek yashaydi va mukammallikka intiladi. Buning qachon tugashini esa hech qachon oldindan bila olmaysiz», – dedi Martines.