Roberto Karlos operatsiyadan soʻng shifoxonadan chiqarildi
«Real» va «Inter»ning sobiq himoyachisi Roberto Karlos yurak operatsiyasidan so‘ng shifoxonadan chiqarildi, deb xabar beradi Mundo Deportivo.
52 yoshli braziliyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda operatsiyani o‘tkazgan shifokorlar bilan tushgan suratini e’lon qilib, «Barcha tibbiy xodimlarga e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun rahmat», deya izoh qoldirdi.
31 dekabr kuni shifokorlar braziliyalikda oyog‘ida qon quyilishi (tromb) aniqlashgan. Butun tana bo‘yicha o‘tkazilgan MRT esa uning yuragi to‘g‘ri ishlamayotganini ko‘rsatdi. Roberto Karlos operatsiya uchun shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, murakkablik tufayli operatsiya rejalashtirilgan 40 daqiqa o‘rniga 3 soat davom etdi.
Roberto Karlos «Real» safida 1996–2007 yillarda o‘ynagan. Madrid klubi bilan u to‘rt marta Ispaniya chempioni, shuningdek, uch marta Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Braziliya terma jamoasi bilan esa 2002 yilda jahon chempioni bo‘lgan.