Roberto Karlos Islom dinini qabul qildi
Braziliya terma jamoasi va “Real Madrid” afsonasi Roberto Karlos Islom dinini qabul qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumot Turkiya parlamenti deputati Ali Shahinning Braziliyadagi musulmon jamoasi vakillari bilan uchrashuvidan so‘ng bergan bayonotiga asoslanmoqda.
Ali Shahinning aytishicha, u San-Pauluda taniqli musulmon diniy arbobi Shayx Jihod Hammadeh bilan uchrashgan. Hammadeh unga Roberto Karlos bir muddat davomida u bilan aloqada bo‘lib kelgani va taxminan to‘rt hafta avval uchrashuv vaqtida shahodat kalimasini aytib, Islom dinini qabul qilganini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng Ali Shahin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Roberto Karlosni tabriklab, unga va oilasiga tinchlik, sog‘lik hamda farovonlik tilagan.
Ma’lumot uchun, hozircha Roberto Karlosning o‘zi yoki uning rasmiy vakillari Islom dinini qabul qilgani haqida ochiq bayonot bermagan. Shu sababli ushbu xabar hozircha futbolchining o‘zi tomonidan rasman tasdiqlanmagan.