Robert Levandovski «Yuventus»ga o‘tishga yaqin turibdi — manba
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishi mumkin. Tuttosport nashrining xabar berishicha, Turinning «Yuventus» klubi polshalik hujumchining yaqinlari bilan aloqaga chiqib, transfer borasida dastlabki muzokaralarni yakunlagan.
37 yoshli tajribali forvardning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Biroq klub rahbariyati tomonidan taklif etilgan yangi bitimda maoshning sezilarli darajada kamaytirilishi futbolchining rejalariga to‘g‘ri kelmadi. Shu sababli, Levandovski kataloniyaliklar safini tark etish variantini ko‘rib chiqmoqda va bunda «Yuventus» uning uchun asosiy tanlov bo‘lib turibdi.
Muzokaralar jarayonida o‘tishning muhim tafsilotlari ochiqlandi. Xususan, hujumchining agenti Pini Zaxavi turinliklar bilan bir yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, futbolchining yillik maoshi taxminan 6 million yevroni tashkil etishi va bunga natijalarga qarab qo‘shimcha bonuslar qo‘shilishi ko‘zda tutilgan.
Biroq ushbu transferning amalga oshishi bitta muhim shartga bog‘liq: Robert Levandovski faqatgina «Yuventus» kelasi mavsum uchun Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini naqd qilgan taqdirdagina Turinga ko‘chib o‘tishga rozilik beradi. Hozirda tomonlar mavsum yakunini va klubning turnir jadvalidagi o‘rnini kutishmoqda. Agar «Yuventus» o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olsa, polshalik yulduz faoliyatini Italiya chempionatida davom ettirishi kutilmoqda.