Robert Levandovski Chempionlar Ligasida Indzagining rekordini yangiladi
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski (37 yoshu 209 kunlik) UEFA Chempionlar Ligasi tarixida dubl qayd etgan eng yoshi katta futbolchi sifatida yangi rekord o‘rnatdi.
OptaJose ma’lumotlariga ko‘ra, polshalik forvard 2010 yilning noyabr oyida «Milan» safida «Real» darvozasiga ikki bor yo‘l topgan Filippo Inzagining (37 yoshu 86 kunlik) natijasini yangiladi.
Eslatib o‘tamiz, Chempionlar Ligasining 2025/2026 yilgi mavsumi 1/8 final bosqichida «Barselona» Angliyaning «Nyukasl» jamoasini 7:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra kataloniyaliklar chorak finalga yo‘llanma oldilar va ushbu bosqichda Madridning «Atletiko» jamoasi bilan kuch sinashadilar.
Joriy mavsumda Levandovski barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 16 ta gol va 3 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi.