Ris Jeyms kutilganidan ertaroq safga qaytishi mumkin
«Chelsi» himoyachisi va jamoa sardori Ris Jeyms sonining orqa mushagidan olgan jarohatidan so‘ng kutilganidan ertaroq maydonga qaytishi mumkin. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
13 mart kuni «Chelsi» Jeyms bilan 2032 yilga qadar mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolanganini e’lon qilgan edi. Biroq oradan bir kun o‘tib, «Nyukasl»ga qarshi safardagi uchrashuvda (0:1) futbolchi jarohat oldi. Bu 2020 yilning dekabr oyidan buyon 26 yoshli himoyachining aynan shu turdagi jarohat bilan bog‘liq o‘ninchi holati bo‘ldi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, sardor kamida ikki oyni o‘tkazib yuborishi va hatto joriy mavsumda boshqa maydonga tushmasligi kutilayotgan edi. Ammo The Guardian aniqlagan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, tiklanish jarayoni ijobiy kechmoqda va futbolchi aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida safga qaytishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Ris Jeyms «Chelsi» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U London klubi safida bir qator nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan, Angliya terma jamoasi tarkibida esa Yevro-2020 finalchisiga aylangan.