Revansh olinmadi: O‘zbekiston yana Yaponiyaga imkoniyatni boy berdi
O‘zbekiston U23 terma jamoasi Aichi–Nagoya shahri mezbonlik qilayotgan XX Osiyo o‘yinlari yarim finalida mezbon Yaponiya bilan to'qnash keldi. Vakillarimiz uchrashuvni juda yaxshi boshladi va 8-daqiqada Sardor Bahromovning goli evaziga hisobda oldinga chiqdi. Jamoamiz bu ustunlikni deyarli bahs oxirigacha saqlab turdi, ammo 88-daqiqada Sena Ishibashi javob golini urib, hisobni tenglashtirdi.
Asosiy va qo‘shimcha vaqtda g‘olib aniqlanmagach, final yo‘llanmasi penaltilar seriyasida hal qilindi. 11 metrlik zarbalarda esa mezbonlar aniqroq harakat qildi. Bu uchrashuvning o‘ziga xos ramziy tarixi ham bor edi. 2024-yilgi U23 Osiyo kubogi finalida O‘zbekiston aynan Yaponiyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Oradan ikki yil o‘tib tomonlar yana muhim bosqichda ro‘baro‘ keldi, ammo bu safar ham revansh olishning imkoni bo‘lmadi.
Shu tariqa, O‘zbekiston finalga atigi bir qadam qolganda to‘xtatildi. Ammo turnir hali yakunlangani yo‘q. Vakillarimiz 3-oktabr kuni bronza medali uchun Xitoyga qarshi maydonga tushadi. Toyota Stadiumda o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da start oladi.