Reiss Nelson “Feyenoord”ga qaytishi mumkin
“Arsenal”ning sobiq vingeri Reiss Nelson faoliyatini “Feyenoord”da davom ettirishga yaqin. Niderlandiya OAVga ko‘ra, Rotterdam klubi 26 yoshli angliyalik futbolchini erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shish ustida ishlamoqda. Nelsonning o‘zi ham “Feyenoord”ga qaytishga tayyor.
Nelson yaqinda “Arsenal” bilan shartnomasini tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qildi. London klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi asosiy jamoa safida jami 90 ta uchrashuvda 8 ta gol va 9 ta golli uzatma qayd etgan.
Angliyalik futbolchi “Feyenoord” muxlislariga yaxshi tanish. U 2021/22-yilgi mavsumni Rotterdam klubida ijara asosida o‘tkazib, 32 uchrashuvda 4 ta gol va 7 ta assist qayd etgan. O‘sha mavsum “Feyenoord” Konferensiyalar ligasi finaliga qadar yetib borgan edi.
Ma’lumot uchun, Nelson “Arsenal” tizimida 18 yil faoliyat olib bordi. U London klubiga sakkiz yoshida kelib qo‘shilgan va 2017-yilda asosiy jamoadagi debyutini o‘tkazgan.