«Real» Vinisius uchun 160 million yevrodan kam taklifni ko‘rib chiqmaydi
Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres qanot hujumchisi Vinisius Juniorning ehtimoliy transferi uchun so‘raladigan narxni belgilab qo‘ydi. Bu haqda Sport.es nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, “qaymoqranglilar” braziliyalik futbolchi uchun kamida 160 million yevro talab qilmoqda. Agar kelib tushadigan taklif ushbu summadan kam bo‘lsa, madridliklar hattoki muzokara stoliga ham o‘tirmasligi ta’kidlanmoqda.
Xabarda aytilishicha, “Real” bu narxni belgilashda Vinisiusning jamoa uchun yuqori samaradorligi, hal qiluvchi o‘yinlardagi ishtiroki va klub bilan qo‘lga kiritilgan sovrinlarga qo‘shgan hissasini inobatga olgan.
Shuningdek, manba Londoning “Arsenal” klubi Vinisiusga qiziqish bildirganini tasdiqlagan. Biroq hozircha ikki klub o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlanganicha yo‘q.
Ayni paytda Vinisius Juniorning “Real” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan.