«Real» Timberga qiziqish bildirmoqda
Madridning «Real» klubi «Arsenal» himoyachisi Yurriyen Timberga qiziqish bildirmoqda. «Qaymoqranglilar» rahbariyati himoya chizig‘i futbolchilarining o‘rtacha yoshini pasaytirishni maqsad qilgan. Hozircha Ispaniya grandi Timber bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqqani yo‘q, biroq «Real» skautlari so‘nggi ikki oy davomida uning har bir o‘yinini kuzatib borishgan. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, «to‘pchilar» 24 yoshli futbolchini sotishga tayyor emas, biroq 85-100 million yevro miqdorida taklif tushsa, muzokaralarni boshlashlari mumkin. Shuningdek, «Arsenal» Timberga yangi shartnoma taklif qilishi ham istisno etilmayapti.
Joriy mavsumda Timber barcha turnirlar doirasida 43 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 4 ta gol va 7 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uning bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi.