«Real» Rodri transferi ustida ish boshladi
Madridning "Real" klubi "Manchester City" yarim himoyachisi Rodrini oʻz safiga qoʻshib olish imkoniyati ustida ish boshladi. Bu haqda The Athletic jurnalisti David Ornshtein xabar berdi.
Manbaga koʻra, hozircha "Real" va "Manchester City" oʻrtasida rasmiy muzokaralar boʻlib oʻtmagan. Shunga qaramay, madridliklar ispaniyalik yarim himoyachini aynan shu yozda oʻz safiga qoʻshib olish niyatida harakat qilmoqda.
Oʻz navbatida, "Manchester City" Rodrini jamoada saqlab qolishni rejalashtirgan. Klub rahbariyati Ispaniya terma jamoasi sardori yangi shartnoma imzolaydimi yoki yoʻqmi, baribir uning klubda qolishiga umid qilmoqda.
David Ornshtein ushbu materialni The Athletic muxbiri Mario Kortegana bilan hamkorlikda tayyorlagan. Kortegananing taʼkidlashicha, "Real" transfer boʻyicha kelishuvga erishishiga ishonmoqda.
Maʼlumot uchun, Rodrining "Manchester City" bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil iyungacha amal qiladi.