«Real» muxlislari Kilian Mbappening harakatlaridan norozi
Madridning «Real» klubi ishqibozlari jamoa hujumchisi Kilian Mbappening mavsum qizg‘in pallaga kirgan bir vaqtda Italiyada dam olayotganiga keskin munosabat bildirishdi. Le Parisien nashrining xabar berishicha, futbolchi jarohatidan tiklanish o‘rniga aktrisa Ester Eksposito bilan vaqt o‘tkazmoqda.
1 may kuni Italiya telekanallaridan biri juftlikning Kalyari shahridagi restoranlardan birida tushgan tasvirlarini namoyish etdi. Muxlislarning g‘azabiga sabab bo‘lgan asosiy jihat — Mbappening jiddiy jarohat bilan Sardiniyada hordiq chiqarayotganidir. Manbalarga ko‘ra, ushbu jarohat sababli hujumchi 10 may kuni bo‘lib o‘tadigan «Barselona»ga qarshi «El-Klasiko» bahsini o‘tkazib yuborishi ehtimoli juda yuqori.
Ijtimoiy tarmoqlarda «qirollik klubi» muxlislari Mbappening xatti-harakatlarini «yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat» deb atashmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, futbolchiga «klubning taqdiri qiziq emas». Ishqibozlar Fransiya terma jamoasi sardorini jamoaning so‘nggi muvaffaqiyatsiz natijalari fonida o‘zini tiyishga va bor e’tiborini jarohatini davolashga qaratishga chaqirishmoqda.
Kilian Mbappe 2026 yil 24 aprel kuni Ispaniya chempionati doirasidagi «Betis»ga qarshi o‘yinda chap oyog‘ining tizza osti payini jarohatlab olgan edi. Mbappening «Elita» seriali orqali mashhurlikka erishgan ispan aktrisasi Ester Eksposito bilan munosabatlari haqidagi xabarlar joriy yilning mart oyida paydo bo‘lgan edi.
Hozircha klub rahbariyati va futbolchining o‘zi ushbu tanqidlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Biroq muhim o‘yinlar arafasida yuzaga kelgan ushbu vaziyat Mbappening muxlislar bilan munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.