“Real” “Manchester Yunayted”ning 15 yoshli iqtidorini qo‘lga kiritishga yaqin
“Manchester Yunayted” akademiyasining 15 yoshli hujumchisi JJ Gabriel faoliyatini “Real Madrid”da davom ettirishi mumkin. Yosh futbolchi ingliz klubini tark etish istagini bildirgan va hozirda uning transferi uchun kurashda aynan madridliklar oldinda ekani aytilmoqda. Bu haqda The Touchline xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Gabriel “Manchester Yunayted”dan ro‘yxatdan chiqarishni so‘ragan va 16 yoshga to‘lgach, boshqa klubga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Futbolchiga “Real”dan tashqari “Barselona”, “PSJ”, “Bavariya” va Angliyaning bir qator klublari ham qiziqish bildirmoqda.
“Manchester Yunayted” esa iqtidorli futbolchini klubda olib qolishga urinmoqda. Gabriel joriy mavsum yoshlar jamoasi safida 3 ta uchrashuvda 5 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etgan. U, shuningdek, UEFA Yoshlar ligasidagi debyutida xet-trik muallifi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, JJ Gabriel “Manchester Yunayted” akademiyasiga 11 yoshida qo‘shilgan. U yoshlar futbolidagi yorqin o‘yinlari sabab Angliyaning eng istiqbolli futbolchilaridan biri sifatida tilga olinmoqda. Hozircha uning keyingi klubi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.