«Real», «Man Siti» va «Liverpul» «Yuventus» himoyachisiga qiziqish bildirmoqda
Madridning «Real», Angliyaning «Manchester Siti» va «Liverpul» klublari «Yuventus» himoyachisi Andrea Kambiasoning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Caught Offside nashrining xabar berishicha, Turin klubi yanvar oyida futbolchi uchun taklif qilingan 50 million yevroni rad etgan.
Manbaga ko‘ra, Italiya grandi 26 yoshli himoyachini sotishga shoshilayotgani yo‘q. Biroq, agar da’vogarlar 60-70 million yevro atrofida taklif bilan chiqishsa, turinliklar bu variantni ko‘rib chiqishga tayyor.
Joriy mavsumda Kambiaso barcha turnirlarda 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Uning Transfermarkt'dagi narxi 30 million yevroga baholanmoqda.