«Real Madrid» va UEFA Superliga masalasida o‘zaro murosaga keldi
Madridning «Real» klubi o‘zining rasmiy saytida Yevropa Superligasini tashkil etish borasidagi ziddiyatlar bo‘yicha UEFA bilan murosaga kelinganini e’lon qildi. Qayd etish joizki, aynan Madrid klubi ushbu loyihaning eng faol tashabbuskori va himoyachisi bo‘lib kelayotgan edi.
Klub tomonidan berilgan rasmiy bayonotda shunday deyiladi:
«UEFA, Yevropa futbol klublari va Madridning «Real» jamoasi Yevropa klublar futboli manfaatlari yo‘lida kelishuvga erishdilar. Bir necha oylik muhokamalardan so‘ng, tomonlar sport prinsiplariga tayangan holda, klublarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash va texnologiyalar yordamida muxlislar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan tamoyillar bo‘yicha kelishib oldilar».
Mazkur kelashuv nafaqat hamkorlikni, balki uzoq vaqt davom etgan sud jarayonlarini to‘xtatishni ham ko‘zda tutadi. Ushbu tamoyillar to‘liq hayotga tatbiq etilgach, Superliga bilan bog‘liq barcha huquqiy nizolarni hal qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.