‘‘Real Madrid’’ va Tebas o‘rtasidagi mojaroga Ispaniya hukumati aralashishi mumkin
‘‘Real Madrid’’ va La Liga prezidenti Xavyer Tebas o‘rtasidagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarildi. Ispaniya Oliy sport kengashi (CSD) Tebasning Madrid klubi haqidagi bahsli bayonotlari yuzasidan o‘z tashabbusi bilan tekshiruv boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga mutasaddining ‘‘Real Madrid TV’’ faoliyatini natsistlar Germaniyasidagi targ‘ibot usullariga qiyoslagani sabab bo‘lgan. Bu haqda EFE axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Xavyer Tebas ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida ‘‘Real Madrid TV’’ni voqealarni bir tomonlama yoritish, ayrim faktlarni takrorlash va klubni doimiy ravishda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatishda ayblagan. U mazkur usullarni natsistlar Germaniyasining targ‘ibot vaziri Yozef Gebbels qo‘llagan usullarga o‘xshatgan. Shu bilan birga, Tebas taqqoslash klubning mafkurasi yoki muxlislariga emas, aynan axborot tarqatish uslubiga tegishli ekanini ta’kidlagan.
‘‘Real Madrid’’ ushbu bayonotga keskin munosabat bildirib, Tebasning La Liga prezidenti va Ispaniya futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlaridan zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilgan. Oliy sport kengashi vaziyatga aralashishi mumkinligi haqidagi xabardan so‘ng Tebas ham o‘z munosabatini bildirdi. U bunday ehtimoldan hayratda ekanini aytib, so‘zlari to‘liq va xolis baholanishini talab qildi. Mutasaddining fikricha, so‘z erkinligi barcha uchun bir xil qo‘llanilishi kerak.
Ma’lumot uchun, Ispaniyaning Sportda shaffoflik va demokratiya assotsiatsiyasi prezidenti Migel Galan ham Xavyer Tebas ustidan Oliy sport kengashiga navbatdagi shikoyatini yuborgan. U mutasaddini lavozimidan chetlatish va sport boshqaruvidagi faoliyatini taqiqlashni talab qilmoqda. Galanning ma’lum qilishicha, bu uning Tebasga qarshi sakkizinchi shikoyati hisoblanadi. Hozircha Oliy sport kengashi rasmiy tekshiruv boshlagani yoki La Liga prezidentiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangani tasdiqlanmagan.