«Real Madrid» rahbariyati Alvaro Arbeloaning qarorlaridan norozi
Madridning «Real» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloaning ba’zi yulduz futbolchilarning pozitsiyasini doimiy ravishda o‘zgartirayotganidan noroziligini bildirdi. Shuningdek, o‘yinchilardan o‘zlariga xos bo‘lmagan pozitsiyalarda foydalanish ham klub mutasaddilarining salbiy reaksiyasiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda COPE nashri xabar bermoqda.
Bu borada yarimhimoyachi Eduardo Kamavinga bilan bog‘liq vaziyat eng yaqqol misol sifatida keltirilmoqda. Ispaniya La Ligasining 22-turi doirasidagi «Rayo Valyekano»ga qarshi bahsda, zaxira o‘rindig‘ida ushbu pozitsiyaning asl egalari — Fran Garsiya va Alvaro Karreras bo‘lishiga qaramay, fransiyalik futbolchi chap qanot himoyachisi sifatida o‘ynatildi.
Ma’lumot uchun, Ispaniya chempionatining 22 turidan so‘ng «Real Madrid» 54 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. «Qaymoqranglilar» peshqadam «Barselona»dan bitta ochkoga ortda qolmoqda.