“Real Madrid” “Manchester Yunayted”ning 16 yoshli hujumchisini sotib olishga yaqin
Madridning “Real” klubi “Manchester Yunayted” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Jey-Jey Gabrielni o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. Ispaniya grandi 16 yoshli hujumchining transferini amalga oshirish uchun futbolchi va ingliz klubi talablarini bajarishga tayyor. Bu haqda Bernabéu Digital nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Real Madrid” yosh futbolchining transferi uchun taxminan 15 million yevro sarflashi mumkin. Gabriel esa yangi klubidan yiliga kamida 1 million yevro maosh talab qilmoqda. Madridliklar ushbu shartlarni qabul qilishga tayyor ekani aytilmoqda.
Gabrielga “Real Madrid”dan tashqari “Barselona”, “Bavariya” va PSJ klublari ham qiziqish bildirmoqda. Biroq hozircha madridliklar transfer uchun kurashda asosiy da’vogar hisoblanmoqda. Futbolchining o‘zi “Manchester Yunayted” asosiy jamoasida yetarli imkoniyat olmaganidan norozi bo‘lib, klubni tark etish istagini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Jey-Jey Gabriel 11 yoshidan buyon “Manchester Yunayted” akademiyasida shug‘ullanadi. 2026-yil oktabr oyida 16 yoshga to‘lgan hujumchi Angliya futbolining istiqbolli yosh iqtidorlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. “Real Madrid” uni dastlab ikkinchi jamoaga jalb etib, keyinchalik asosiy tarkibga bosqichma-bosqich moslashtirishni rejalashtirmoqda.