locale OZ

‘‘Real Madrid’’ La Liga prezidentining iste’fosini rasman talab qildi

Bunga Tebasning klub rahbariyati va ‘‘Real Madrid TV’’ faoliyatini natsistlar Germaniyasida qo‘llanilgan targ‘ibot usullariga qiyoslagani sabab bo‘ldi.
‘‘Real Madrid’’ La Liga prezidentining iste’fosini rasman talab qildi
Foto: Getty Images

Madridning ‘‘Real’’ klubi Ispaniya La Ligasi prezidenti Xavyer Tebasning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qildi. Bunga Tebasning klub rahbariyati va ‘‘Real Madrid TV’’ faoliyatini natsistlar Germaniyasida qo‘llanilgan targ‘ibot usullariga qiyoslagani sabab bo‘ldi. Madrid klubi 16-oktabr kuni rasmiy bayonot e’lon qilib, mutasaddining so‘zlarini keskin qoraladi. Bu haqda ‘‘Real Madrid’’ rasmiy sayti xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Xavyer Tebas ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida ‘‘Real Madrid TV’’ning axborot tarqatish usullarini natsistlar Germaniyasining targ‘ibot vaziri Yozef Gebbels qo‘llagan usullarga o‘xshatgan. U mazkur taqqoslash klubning mafkurasi yoki muxlislariga emas, balki axborot yetkazish uslubiga tegishli ekanini ta’kidlagan. Biroq ‘‘Real Madrid’’ rahbariyati bu izohni qabul qilmadi va bunday taqqoslashni haqoratli hamda Ispaniya futboli rahbari maqomiga nomunosib deb baholadi.

Klub bayonotida Tebasning ‘‘Real Madrid’’ga nisbatan bir necha bor tanqidiy munosabat bildirgani va uning xolisligi shubha ostiga olingani ham qayd etildi. Madridliklar ‘‘Barselona’’ning sobiq hakamlik mutasaddisi Xose Mariya Enrikes Negreyraga amalga oshirgan to‘lovlari bilan bog‘liq ish yuzasidan ham savollar ko‘tardi. Klub ushbu masala bo‘yicha UEFAga murojaat qilganini bildirib, Ispaniyadagi hakamlik tizimi va futbol boshqaruvi tuzilmalarini tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Xavyer Tebas 2013-yildan buyon Ispaniya La Ligasi prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U 2023-yilda navbatdagi muddatga qayta saylangan bo‘lib, vakolati 2027-yilgacha davom etishi kerak. Shuningdek, Tebas Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi vitse-prezidenti hisoblanadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting