“Real Madrid” Kurtua bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishdi
Madridning “Real” klubi belgiyalik darvozabon Tibo Kurtua bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 34 yoshli posbon faoliyatini “qirollik klubi” safida davom ettiradi. Bu haqda transferlar bo‘yicha insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, tomonlar yangi shartnoma shartlarini kelishib olgan va yaqin vaqt ichida tegishli hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Kurtuaning amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozida yakuniga yetadi. Yangi kelishuv esa uning klubdagi faoliyatini kamida 2028-yilgacha uzaytirishi mumkin.
“Real Madrid” rahbariyati tajribali darvozabonning o‘yinidan mamnun va uni kelgusi mavsumlarda ham jamoaning asosiy posboni sifatida ko‘rmoqda. Kurtuaning o‘zi ham faoliyatini Madridda davom ettirish istagini bir necha bor bildirgan.
Ma’lumot uchun, Tibo Kurtua 2018-yilda Londonning “Chelsi” klubidan “Real Madrid”ga o‘tgan. Belgiyalik darvozabon joriy mavsum Ispaniya La Ligasida 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol o‘tkazib yuborgan. U 2 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.