«Real Madrid» Joze Mourinyuning transferi uchun «Benfika»ga qancha tovon puli toʻlashi maʼlum boʻldi
Madridning «Real» klubi portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyuning jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangani sababli Lissabonning «Benfika» klubiga 15 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lab beradi. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Mourinyuning lissabonliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan edi. Avvalroq «qirollik klubi» o‘z rasmiy saytida portugaliyalik murabbiy bilan 2029-yilning 30-iyuniga qadar davom etadigan kelishuv imzolanganini e’lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, tajribali mutaxassis muqaddam 2010-yildan 2013-yilgacha bo‘lgan davrda ham «qaymoqranglilar»ni boshqargan. O‘shanda u jamoa bilan Ispaniya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi.
Yakunlangan mavsumda «Real Madrid» Ispaniya chempionatida 86 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egalladi. Chempionlikni qo‘lga kiritgan «Barselona»dan farq esa sakkiz ochkoni tashkil etdi.