locale OZ

“Real Madrid” afsonasi Dani Karvaxal “Xetafe”ga o‘tdi

Futbolchi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan va tomonlar 2027-yil iyunigacha mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“Real Madrid” afsonasi Dani Karvaxal “Xetafe”ga o‘tdi
Foto: Getty Images

Madridning “Real” klubi sobiq sardori Dani Karvaxal faoliyatini Ispaniyaning “Xetafe” jamoasida davom ettiradi. 34 yoshli himoyachi yangi klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Karvaxal erkin agent sifatida “Xetafe” safiga qo‘shilgan. Futbolchi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan va tomonlar 2027-yil iyunigacha mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. La Liga rahbariyati ham transferni amalga oshirishga rasman ruxsat bergan.

Avvalroq Karvaxalning “Xetafe”ga o‘tishi moliyaviy cheklovlar sabab kechikayotgani xabar qilingandi. Klubning maoshlar uchun belgilangan limitdan oshib ketgani kelishuvni rasmiylashtirishga to‘sqinlik qilgan. Biroq klub prezidenti Anxel Torresning moliyaviy kafolati ortidan muammo hal etilib, transferga yo‘l ochilgan.

Ma’lumot uchun, Dani Karvaxal 2013–2026-yillar davomida “Real Madrid”ning asosiy jamoasida to‘p surgan. U madridliklar safida 451 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol urgan. Himoyachi klub bilan jami 27 ta sovrin, jumladan, olti marta UEFA Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting