“Real” himoyachisi Raul Asensio muvaffaqiyatli operatsiya qilindi
“Real Madrid” himoyachisi Raul Asensio o‘ng boldir suyagidagi stress sinishi sabab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va futbolchi yaqin kunlarda tiklanish jarayonini boshlaydi. Bu haqda “Real Madrid” rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Asensioni ushbu jarohat joriy yilning yanvaridan buyon bezovta qilib kelgan. Terma jamoalar o‘yinlari sabab yuzaga kelgan uch haftalik tanaffusda himoyachi konservativ davolanish orqali muammoni bartaraf etishga uringan, biroq bu usul kutilgan natijani bermagan.
Operatsiya “Real Madrid” tibbiy shtabi nazorati ostida o‘tkazilgan. Ispaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining tiklanish jarayoni taxminan 2–3 oy davom etishi mumkin, biroq klub hozircha uning maydonga qaytish muddatini rasman e’lon qilmagan.
Ma’lumot uchun, 23 yoshli Asensio joriy mavsumda “Real Madrid” safida hali rasmiy uchrashuvda maydonga tushmagan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2031-yilgacha mo‘ljallangan.