«Real» darvozaboni Andrey Lunin jarohat sabab «Levante»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi
Madridning «Real» klubi darvozaboni Andrey Lunin Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Albasete»ga qarshi o‘yindan (2:3) so‘ng boldir mushagida noxush og‘riqlarni his qildi. Bu haqda The Athletic jurnalisti Mario Kortehana xabar berdi.
Shu sababli ukrainalik posbon «Levante»ga qarshi yaqinlashib kelayotgan uchrashuv uchun qaydnomaga kiritilmadi. Dastlabki tibbiy xulosalarga ko‘ra, Lunin taxminan bir haftaga safdan chiqishi mumkin edi. Biroq klub tiklanish jarayonini tezlashtirishga umid qilmoqda, shunda u 20 yanvar kuni Madridda bo‘lib o‘tadigan Chempionlar Ligasi doirasidagi «Monako»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkin.
Shuningdek, «Levante» bilan bahsda murabbiylar shtabi Ferlan Mendi, Eder Militao, Trent Aleksander-Arnold, Antonio Ryudiger, Braim Dias va Rodrigo xizmatidan ham foydalana olmaydi — ularning barchasi qaydnomadan o‘rin olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 14-yanvarda bo‘lib o‘tgan «Albasete»ga qarshi uchrashuv Lunin uchun 17-dekabr 2025 yildan buyon «Real» safidagi ilk rasmiy o‘yin bo‘lgan edi.
Joriy mavsumda Andrey Lunin «Real» tarkibida barcha musobaqalarda 3 ta uchrashuv o‘tkazgan.