«Real» «Benfika»ga qarshi oʻyindan soʻng Arbeloani isteʼfoga chiqarishi mumkin
«Real Madrid» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liganing 25-turida «Osasuna»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (1:2) so‘ng qiyin ahvolda qoldi. Sport.es nashri xabariga ko‘ra, Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Benfika»ga qarshi javob o‘yini (25 fevral) mutaxassisning Madrid klubidagi kelajagini belgilab berishi kutilmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, «qaymoqranglilar» futbolchilari «bo‘layotgan voqealarga nisbatan ishonchni yo‘qotishni boshlagan, klub rahbariyati esa Arbeloaning taktikasini tushunmayapti».
«Qirollik klubi» mutasaddilariga murabbiyning o‘yinchilar ko‘nglini olishga qaratilgan qarorlari va uchrashuv davomidagi tushunarsiz almashtirishlari ma’qul kelmayapti.
«Real» rahbariyati hamkorlikni davom ettirish uchun Arbeloadan sovrin kutmoqda. Agar «Benfika» bilan bahsda muvaffaqiyatsizlikka uchralsa, 43 yoshli mutaxassis bilan shartnomani bekor qilinishi ehtimoldan xoli emas.
Shuni ham aytish joizki, klub rahbariyati voqealarning bunday rivojidan qochishga harakat qilmoqda. Sababi, hozirda munosib nomzod yo‘qligi va fevral oyi bir mavsumning o‘zida uchinchi murabbiyni tayinlash uchun juda erta muddat ekanligi hisobga olingan.