“Real” Asensio borasida bir qarorga keldi
Ispaniyalik futbolchiga “Chelsi” va “Liverpul” klublari qiziqish bildirmoqda.
Foto: Getty Images
“Real Madrid” markaziy himoyachi Raul Asensio bilan xayrlashishni rejalashtirmayapti. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ispaniyalik futbolchiga “Chelsi” va “Liverpul” klublari qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, Madrid klubi yaqin vaqt ichida Asensioni sotish variantini ko‘rib chiqmayapti.
Raul Asensio “Real Madrid” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida 80 ta uchrashuv o‘tkazib, 2 ta gol urgan va 3 ta golli uzatma qayd etgan. Himoyachining klub bilan amaldagi shartnomasi 2031-yil o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Asensio joriy mavsumda hali “Real Madrid” safida maydonga tushmadi. Shunga qaramay, klub uning xizmatlaridan voz kechish niyatida emas.