«Real» Arbeloani isteʼfoga chiqarishni koʻrib chiqmoqda — manba
Madridning «Real» klubi rahbariyati bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning yaqin orada iste’foga chiqarilishi ehtimoli borasida ikkilanib o‘tirgani yo‘q. Agar mutaxassis jamoaga mos kelmaydi, degan xulosaga kelinsa, klub keskin qaror qabul qilishga tayyor.
Shu bilan birga, Ispaniya Kubogidagi alamli mag‘lubiyatga qaramay, klub ichida Arbeloa kamida yana bir uchrashuvda o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga loyiq, degan fikr ustunlik qilmoqda. Bu haqda The Touchline nashri X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Arbeloa boshqaruvidagi ilk o‘yinda «Real» kutilmaganda Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Albasete»ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, Alvaro Arbeloa ushbu lavozimda o‘z vatandoshi Xabi Alonsoni almashtirgan edi. «Real» keyingi uchrashuvini La Liga doirasida «Levante»ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.