Rasmiy: «Manchester Siti» Jeremi Monga bilan shartnoma imzoladi
"Manchester Siti" "Lester City"ning 17 yoshli qanot hujumchisi Jeremi Monga bilan shartnoma imzolaganini rasmiy tarzda e’lon qildi.
"Shaharliklar" matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, futbolchi bilan tuzilgan bitim 2031 yil yozigacha amal qiladi.
Transfer uchun "Manchester Siti" 10 million funt sterling (11,7 million yevro) to‘laydi. Shuningdek, shartnomada yana 2,5 million funt (2,9 million yevro) miqdoridagi bonuslar ham nazarda tutilgan.
""Manchester Siti"" menga qiziqish bildirayotganini eshitgan zahotim, bu men uchun to‘g‘ri tanlov ekanini angladim. Bu yerda bo‘lish men uchun katta sharaf va jamoaga qo‘shilganimdan juda xursandman", — dedi Monga klub matbuot xizmatiga.
2025/2026 yilgi mavsumda Jeremi Monga "Lester" safida barcha musobaqalarda 30 ta uchrashuvda ishtirok etib, 1 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, yosh vingerning bozor qiymati 15 million yevroni tashkil etadi.