Rasman: «Yuventus» Kenan Yildiz bilan shartnomani 2030 yilgacha uzaytirdi
Turinning «Yuventus» klubi turkiyalik hujumchi Kenan Yildiz bilan amaldagi kelishuvni 2030 yilga qadar uzaytirdi. Bu haqda Italiya klubi o‘zining rasmiy saytida ma’lum qildi.
Avvalroq matbuotda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, yangi shartnomaga binoan 20 yoshli forvardning maoshi Turin jamoasidagi eng yuqori maoshlardan biriga aylanadi.
Kenan Yildiz 2022 yilning yozida erkin agent maqomida Myunxenning «Bavariya» klubidan «Yuventus» yoshlar jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. Joriy mavsumda iqtidorli vinger barcha musobaqalarda jami 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol va 8 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Ayni damda «Yuventus» Italiya Seriya A turnir jadvalida 45 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Chempionatda Milanning «Inter» klubi 55 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.