Rasman: «Yuventus» Jeremi Bogani toʻliq sotib oldi
Turinning «Yuventus» klubi Fransiyaning «Nitssa» jamoasida ijrada oʻynayotgan 29 yoshli vinger Jeremi Bogani sotib olish huquqidan foydalandi. Bu haqda «byankoneri» matbuot xizmati jamoa rasmiy saytida xabar berdi.
«Nitssa» bilan amalga oshirilgan kelishuv summasi 4,8 million yevroni tashkil etdi, yana 0,8 million yevro esa qoʻshimcha bonuslar sifatida toʻlanadi. Futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2029-yilning 30-iyuniga qadar amal qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Boga qishki transfer oynasida Italiya jamoasiga ijra huquqi asosida oʻtgandi. Shu vaqt ichida u barcha turnirlarda 17 ta oʻyinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portaliga koʻra, oʻyinchining bozor qiymati 8 million yevroni tashkil qiladi.
Hujumchi muqaddam Angliyaning «Chelsi» va «Birmingem», Fransiyaning «Renn», Ispaniyaning «Granada», shuningdek, Italiyaning «Sassuolo» hamda «Atalanta» klublarida toʻp surgan.