Rasman: Temmi Abraham — «Aston Villa» futbolchisi
«Aston Villa» klubi o‘z rasmiy sayti orqali hujumchi Temmi Abrahamning transfer huquqi sotib olinganini e’lon qildi. Shu tariqa, angliyalik futbolchi yana APLga qaytdi.
«Chelsi» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abraham futbolchilik faoliyati davomida «Roma», «Milan» va «Beshiktosh» kabi klublar sharafini himoya qilgan. Ta’kidlash joizki, hujumchi 2018/2019 yilgi mavsumda ham «Aston Villa» safida to‘p surgan va o‘shanda jamoaning Angliya Premer-ligasiga yo‘llanma olishida katta hissa qo‘shgan edi.
Joriy mavsumda 28 yoshli forvard o‘zining sermahsul o‘yinlari bilan barchaning e’tiborini tortdi. U barcha turnirlarda jami 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 13 bor ishg‘ol qildi hamda 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 14 million yevroni tashkil etadi.