locale OZ

Rasman: Sho‘rtan Superligani tark etdi. Jamoa endi yangi bosqichga qadam qo‘yadi

Nazariy jihatdan qolgan uchta o‘yinda g‘alaba qozonilsa ham, “Sho‘rtan”ning umumiy ochkolari 24 taga yetadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasman: Sho‘rtan Superligani tark etdi. Jamoa endi yangi bosqichga qadam qo‘yadi
photo: Sho'rtan fk

O‘zbekiston futboli oliy divizioni — Superligada navbatdagi mavsum so‘ngiga yaqinlashar ekan, ayrim jamoalarning taqdiri ham aniq bo‘lib bormoqda. G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi 27-tur yakunlari ortidan elitada qolish imkoniyatini yo‘qotdi. Shu tariqa, jamoaning joriy mavsumdan so‘ng Superligani tark etishi rasman ma’lum bo‘ldi.

Chempionat yakuniga uch tur qolgan bo‘lsa-da, “Sho‘rtan” uchun bu o‘yinlar endi vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Hozircha jamoa turnir jadvalining quyi qismida joylashgan va ularning hisobida 15 ochko mavjud. Nazariy jihatdan qolgan uchta o‘yinda g‘alaba qozonilsa ham, “Sho‘rtan”ning umumiy ochkolari 24 taga yetadi.

Biroq bu raqam ham jamoani elitada saqlab qolish uchun yetarli emas. Sababi, hozirda 24 ochkoga ega “Xorazm” jamoasi o‘zaro o‘yinlarda ustunlikka ega. Xususan, xorazmlik futbolchilar mavsum davomida “Sho‘rtan”ni ikki marta mag‘lub etishgan. Shu bois, hatto ochkolar teng bo‘lsa ham, G‘uzor jamoasi pastki pog‘onada qolaveradi.

Shu tariqa, “Sho‘rtan” Superligadagi ishtirokini yakunlab, kelasi mavsumdan boshlab Pro-ligada o‘ynaydi.

G‘uzor jamoasi so‘nggi yillarda yuqori ligada barqaror natijalarni qayd eta olmay kelayotgan edi. Mavsum davomida bir necha murabbiy almashgan, tarkibda esa yetakchi futbolchilar jarohat va boshqa sabablarga ko‘ra muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olishmagan. Bu esa natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shunga qaramay, “Sho‘rtan” futbolchilari so‘nggi turlarda ham kurashdan voz kechishmadi. Klub muxlislari o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Mahalliy futbol ixlosmandlari “Sho‘rtan”ning boy tarixiga va jamoaning qaytish salohiyatiga ishonishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Sho‘rtan” bir paytlar Superligada o‘zining irodali o‘yinlari bilan tanilgan, hatto yirik klublarga qarshi kutilmagan natijalar qayd etgan jamoa sifatida esda qolgan. Endilikda G‘uzor vakillarini yangi sinov — Pro-ligadagi kurashlar kutmoqda.

Klub rahbariyati so‘zlariga ko‘ra, jamoa endi yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Yaqin orada tarkib yangilanishi, infratuzilma mustahkamlanishi va mahalliy yosh futbolchilarga kengroq imkon berilishi rejalashtirilgan. Asosiy maqsad — “Sho‘rtan”ni qayta tiklab, tez orada Superligaga qaytarishdir.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting