Rasman: «Real» Tebasdan iste’foga chiqishni so‘radi
Rasman: «Real» Tebasdan iste’foga chiqishni so‘radi
Madrid klubi La Liga prezidentining iste’fosi talab qilingan katta bayonot chiqardi.
«Real» klubi o‘z rasmiy saytida bayonot e’lon qilib, La Liga prezidenti Xaviyer Tebasni iste’foga chiqishga chaqirdi.
«Xaviyer Tebas — La Liga prezidenti va Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi vitse-prezidenti «Real» rahbariyati ish uslubini natsistlar rejimi targ‘ibot vaziri Yozef Gebbelsning usullari bilan taqqoslagan, shuningdek, klubning telekanalini (Real Madrid Televisión) ushbu strategiya vositasi deb atagan bayonotlariga javoban, «Real» klubi quyidagilarni ma’lum qiladi:
«Real» Ispaniya futbolida ikki mas’uliyatli lavozimni egallab turgan shaxsning klubimizni, uning rahbariyati va telekanalini obro‘sizlantirish maqsadida natsistlar rejimi targ‘ibot usullari bilan qiyoslashini mutlaqo nomaqbul va o‘ta jiddiy holat deb hisoblaydi. Bu qiyos natsistlar mafkurasiga taalluqli emasligi haqidagi izoh ham uning chuqur haqoratomuz, ma’naviy jihatdan jirkanch va egallab turgan lavozimiga nomunosib ekanini hech qanday tarzda o‘zgartirmaydi.
Ushbu bayonotlar Xaviyer Tebasning «Real», uning prezidenti va klub ommaviy axborot vositalariga nisbatan muntazam hujumlarining navbatdagi epizodidir. Klubga aloqasi bo‘lmagan jurnalistlarning savollari, reportajlari yoki fikrlaridan foydalanib, bizga nisbatan ayblovlar ilgari surish va uchinchi shaxslarning harakatlari uchun bizni javobgar qilib ko‘rsatish mutlaqo nomaqbuldir. Biz bu harakatlar uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmamizga olmaymiz.
Tebasning bunday bayonotlardan «Real» klubi va uning telekanali tomonidan «Negreyra ishi» yuzasidan amalga oshirilgan qonuniy harakatlarni shubha ostiga qo‘yish uchun foydalanayotgani alohida tashvish uyg‘otadi.
Xaviyer Tebas rahbarlik lavozimlarini egallab turgan ikki tashkilot «Negreyra ishi»ning favqulodda jiddiyligiga munosib choralar ko‘rmagani sababli klubimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri UEFA'ga murojaat etishga majbur bo‘ldi. Biz «Barselona»ning bir necha yil davomida hakamlar texnik qo‘mitasi vitse-prezidentiga amalga oshirgan to‘lovlarini har tomonlama tekshirishni, shuningdek, musobaqalarimizda halollik va adolatni ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilishini talab qilamiz.
Bundan tashqari, «Real» hakamlik tizimini, shuningdek, Ispaniya futbol federatsiyasining boshqaruv, nazorat va intizom organlarini to‘liq isloh qilishga chaqirmoqda. Bu jarayon o‘sha davrda mas’uliyatli lavozimlarni egallagan shaxslarni almashtirishni ham o‘z ichiga olishi kerak.
Ayniqsa, La Liga prezidenti va Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi vitse-prezidenti (hakamlar texnik qo‘mitasi ham ushbu federatsiya tarkibiga kiradi) Xaviyer Tebasning o‘z lavozimidan foydalanib, Ispaniya futbolidagi o‘ta jiddiy voqealarni har tomonlama tekshirish va zarur islohotlarni o‘tkazishga ko‘maklashish o‘rniga «Real» klubini obro‘sizlantirishga kuch sarflayotgani e’tiborga molikdir.
Xaviyer Tebasning bunday xatti-harakatlari uning betaraflik, hurmat va xolislik tamoyillariga amal qilmayotganini ko‘rsatadi. Bu esa uning lavozim majburiyatlariga ziddir. Klubimiz fikricha, Tebasning «Real» Madridga, shuningdek, shaffoflik va islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarga nisbatan muntazam hujumlari Ispaniya futboliga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Shundan kelib chiqib, «Real» Madrid FK Xaier Tebasning takroriy bayonotlari va harakatlari hurmat, betaraflik hamda halollik tamoyillariga asoslangan har qanday Yevropa sport tashkilotida nomaqbul deb topilishini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, uning xatti-harakatlari egallab turgan lavozimlarida faoliyatini davom ettirish uchun kasbiy jihatdan noloyiq ekanini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan «Real» Madrid FK Xaviyer Tebasdan La Liga prezidenti va Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlaridan zudlik bilan iste’foga chiqishni talab qiladi.
«Real» Madrid FK o‘z huquqlari va obro‘sini himoya qilishda davom etadi. Shu bilan birga, klub «Negreyra ishi»ning barcha holatlariga oydinlik kiritish va Ispaniya futbolida zarur islohotlarni amalga oshirish tarafdori bo‘lib qoladi», — deyiladi klub bayonotida.