Rasman: Rahim Sterling oʻzaro kelishuvga koʻra «Chelsi» bilan shartnomani bekor qildi
Londonning «Chelsi» klubi o‘z rasmiy saytida yarimhimoyachi Rahim Sterling bilan amaldagi shartnoma bekor qilinganini e’lon qildi.
«Rahim Sterling bugun o‘zaro kelishuvga ko‘ra «Chelsi» futbol klubini tark etdi. U 2022 yilning yozida «Manchester Siti»dan ko‘chib o‘tganidan buyon jamoamiz safida uch yarim mavsum davomida to‘p surdi. Biz Rahimga «Chelsi» futbolchisi sifatida qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiramiz va uning faoliyatidagi keyingi bosqichda muvaffaqiyatlar tilaymiz», — deyiladi londonliklar bayonotida.
Ma’lumot uchun, 31 yoshli futbolchi joriy mavsumda «aristokratlar» tarkibida birorta ham o‘yinda maydonga tushmadi. U asosiy jamoadan chetlatilgan holda, alohida mashg‘ulot o‘tkazib kelayotgan edi. Vaholanki, uning klub bilan shartnomasi 2027 yilning iyunigacha davom etishi kerak edi. Eslatib o‘tamiz, Sterling o‘tgan mavsumni ijara asosida «Arsenal»da o‘tkazgan edi.