Rasman: Rafinya jarohatidan forigʻ boʻldi
«Barselona» jamoasining qanot hujumchisi Rafinya jarohatidan so‘ng to‘liq tiklandi. Bu haqda Kataloniya klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Braziliyalik vinger Ispaniya La Ligasining 24-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Jirona»ga qarshi bahsda ishtirok etishi mumkin. O‘yin bugun, 16 fevral kuni Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00 da (17-fevralga o‘tar kechasi) boshlanadi.
Avvalroq Ispaniya OAVlari braziliyalik futbolchi jamoaning asosiy tarkibi bilan mashg‘ulotlarni boshlagani haqida xabar bergan edi. Biroq «ko‘k-anorranglilar» rahbariyati uni ehtiyot qilish maqsadida «Jirona»ga qarshi o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushirmasligi taxmin qilinmoqda.
29 yoshli braziliyalik futbolchi jarohati sababli so‘nggi uchta o‘yinni o‘tkazib yuborgan edi. Joriy mavsumda u 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urishga va 5 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.