Rasman: Rafael Gerreyru yozda «Bavariya»ni tark etadi
«Bavariya» klubi himoyachi Rafael Gerreyru amaldagi shartnomasini uzaytirmasligi va 2026 yilning yozida jamoani tark etishini e’lon qildi. Myunxenliklar sport direktori Maks Eberl ushbu qaror borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Biz Rafaga biz bilan o‘tkazgan vaqti uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz: maydonda doimo unga tayanishimiz mumkin edi, u har qanday kiyinish xonasiga fayz kiritadigan insonlardan biri. U bilan olib borilgan muzokaralarimiz konstruktiv, o‘zaro ishonch va tushunish ruhida o‘tdi. Hozirda biz u bilan birgalikda mavsumning qolgan qismidagi maqsadlarimizga e’tibor qaratganmiz — hali birgalikda bajaradigan ishlarimiz ko‘p», — deya Eberl so‘zlarini keltirmoqda «Bavariya» rasmiy sayti.
Ma’lumot uchun, Rafael Gerreyru «Bavariya» safida jami 89 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.