Rasman: Olivye Jiru mavsum yakunida faoliyatini tugatadi
Fransiya terma jamoasi sobiq hujumchisi, hozirda “Lill” sharafini himoya qilayotgan Olivye Jiru 2026/27-yilgi mavsum yakunida professional futbolchilik faoliyatini tugatishni rejalashtirmoqda. 30-sentabr kuni 40 yoshni qarshi oladigan tajribali forvard uchun joriy mavsum faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Jiru faoliyatining yakuniy bosqichiga kelganini anglab turgani va qolgan har bir uchrashuvdan zavq olishga harakat qilayotganini ta’kidlagan. Fransiyalik hujumchi professional futboldagi 22-mavsumini o‘tkazmoqda va katta ehtimol bilan mavsum tugagach butsalarini mixga iladi.
Jiru “Lill” safiga 2025-yil yozida kelib qo‘shilgan, 2026-yilning iyunida esa klub bilan shartnomasini yana bir mavsumga uzaytirgan edi. Faoliyati davomida u “Arsenal”, “Chelsi”, “Milan”, “Los-Anjeles” va “Monpelye” kabi klublarda to‘p tepgan, shuningdek, Angliya, Italiya va Fransiyada yirik sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Olivye Jiru Fransiya terma jamoasi safida 137 ta uchrashuv o‘tkazib, 57 ta gol urgan. U 2018-yilda “uch ranglilar” bilan jahon chempioni bo‘lgan va 2024-yilda xalqaro faoliyatini yakunlagan. Hozirda Jiru Fransiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Kilian Mbappedan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.