Rasman: N'Golo Kante — «Fenerbahche» futbolchisi
Turkiyaning «Fenerbahche» klubi «Al Ittihod»ning markaziy yarimhimoyachisi N'Golo Kante bilan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qildi. Bu haqda Istanbul klubining rasmiy sayti xabar bermoqda.
«Ba’zi hikoyalar vaqt talab qiladi, ammo ular chala qolmaydi. Bizning «Fenerbahche»mizga xush kelibsiz, N'Golo Kante», — deyiladi klubning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy bayonotida.
Avvalroq nufuzli insayder Fabrisio Romano «Fenerbahche» va «Al Ittihod» o‘rtasidagi hujjatlar bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgani va FIFA ushbu transferga «yashil chiroq» yoqqani haqida xabar bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, fransiyalik tajribali futbolchi va turk klubi o‘rtasidagi kelishuv 2028 yilning iyuniga qadar imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, transfer oynasining so‘nggi kunida hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi texnik nosozliklar sababli bitim barbod bo‘lish arafasida edi. Shundan so‘ng «Fenerbahche» rahbariyati «Al Ittihod»ni transferni ataylab kechiktirishda ayblab chiqqan edi.