Rasman: Muhammad Saloh mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etadi
Hujumchi Muhammad Saloh o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali joriy mavsum yakunlangach, «Liverpul»dan ketishini e’lon qildi.
«Hammaga salom. Afsuski, o‘sha kun yetib keldi. Bu mening xayrlashuvimning birinchi qismi. Mavsum oxirida «Liverpul»ni tark etaman. Shuni aytishim kerakki, ushbu klub, bu shahar va bu insonlar hayotimning qanchalik muhim qismiga aylanishini tasavvur ham qilmagandim. «Liverpul» shunchaki futbol klubi emas, bu — ishtiyoq, tarix va ruhdir. Buni so‘z bilan tushuntirib bera olmayman.
Biz g‘alabalarni birga nishonladik, eng muhim sovrinlarni qo‘lga kiritdik. Hayotimizning eng qiyin damlarida birga kurashdik. Bu yerda bo‘lgan vaqtim davomida klubning bir qismi bo‘lgan barchaga, ayniqsa, sobiq va hozirgi jamoadoshlarimga, shuningdek, muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Faoliyatimning eng yorqin damlarida ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlovingiz va og‘ir lahzalarda yonimda turganingizni hech qachon unutmayman», — dedi Saloh o‘zining video murojaatida.
Saloh 2017 yildan buyon «Liverpul» sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida 33 yoshli hujumchi barcha turnirlar doirasida 435 ta o‘yinda maydonga tushib, 255 ta gol va 122 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan edi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, misrlik yulduzning bozor qiymati 30 million yevroni tashkil etadi.