Rasman: Mendi «Al Ahli» bilan shartnomasini uzaytirdi
Senegal terma jamoasi darvozaboni Eduar Mendi Saudiya Arabistonining «Al Ahli» klubi bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda klub ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali ma’lum qildi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, futbolchining Saudiya jamoasi bilan tuzgan mehnat shartnomasi 2028 yil yoziga qadar amal qiladi.
Eduar Mendi «Gavr» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyati davomida u «Reyms», «Renn», «Chelsi» va boshqa klublar sharafini himoya qilgan. 2023 yilda u «Al Ahli» safiga qo‘shilgan.
Shu vaqt ichida Mendi Saudiya klubi tarkibida 92 ta uchrashuvda maydonga tushib, 94 ta gol o‘tkazib yuborgan hamda 39 bor o‘z darvozasini daxlsiz saqlagan. «Al Ahli» safida u milliy Superkubok va OFK (AFC) Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan.