Rasman: Matteo Rujeri — “Aston Villa” futbolchisi
“Aston Villa” Madridning “Atletiko” klubidan italiyalik himoyachi Matteo Rujerini o‘z safiga qo‘shib olganini rasman e’lon qildi. Ingliz klubi transfer tafsilotlarini hozircha oshkor qilmagan.
Xabarlarga ko‘ra, “Aston Villa” 24 yoshli futbolchi uchun taxminan 25 million yevro to‘lagan. Yana 1,5 million yevro bonuslar ko‘rinishida “Atletiko”ga berilishi mumkin. Rujeri Birmingem klubi bilan 2031-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolashi aytilmoqda.
Italiyalik himoyachi “Atletiko” safida bir mavsum faoliyat olib bordi. U Madrid klubi tarkibida barcha musobaqalarda 47 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun, Rujeri “Aston Villa” safidagi debyutini 23-avgust kuni o‘tkazishi mumkin. Unai Emeri jamoasi o‘sha kuni Angliya Premer-ligasining dastlabki turida “Brayton”ga qarshi bahs olib boradi.