Rasman: Markos Senesi mavsum oxirida «Bornmut»ni tark etadi
Angliyaning «Bornmut» klubi argentinalik himoyachi Markos Senesi yozda jamoani tark etishini rasmiy saytida eʼlon qildi.
««Bornmut» Markos Senesi shu yozda, shartnomasi yakunlangach, janubiy sohildagi unutilmas toʻrt yillik faoliyatidan soʻng jamoadan ketishini tasdiqlaydi. 2022 yilda «Feyenoord»dan oʻtganidan buyon markaziy himoyachi klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlardan birida asosiy figuralardan biri boʻlib keldi.
Savlatli himoyachi «Bornmut» safida jami 124 ta uchrashuvda maydonga tushdi va klubning Premyer-ligadagi oʻrnini mustahkamlashda muhim rol oʻynadi», — deyiladi klub bayonotida.
«Bu klubga kelgan birinchi kunimdanoq oʻzimni xuddi uydagidek his qildim. Oxirgi toʻrt yil ichida erishgan barcha yutuqlarimizdan faxrlanaman va muxlislar tomonidan menga doimo koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildiraman.
«Bornmut» yuragimda har doim alohida oʻrin tutadi va bu yerda oʻtkazgan vaqtimni iliqlik bilan eslayman. Hozir mavsum yakunigacha yana ikkita muhim oʻyinimiz bor va biz birgalikda nimaga erisha olishimizni koʻrishni intiqlik bilan kutyapman», — deydi Senesi.