Rasman: Marko Roys «Los-Anjeles Gelaksi» bilan shartnomasini uzaytirdi
Germaniyalik yarimhimoyachi Marko Roys «Los-Anjeles Gelaksi» bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda MLS klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga koʻra, tomonlar o‘rtasidagi yangi kelishuv 2027 yilning dekabriga qadar amal qilishi belgilangan. Roys Kaliforniya jamoasi safida 2024 yilning yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Shu vaqtga qadar u barcha turnirlarda jami 42 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 9 ta gol va 13 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, Marko Roys «Los-Anjeles Gelaksi» bilan birgalikda MLS Kubogi sohibiga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, Roys 2012 yildan 2024 yilga qadar Dortmundning «Borussiya» jamoasi sharafini himoya qilgan. Dortmundliklar safida u ikki bor Germaniya Kubogi va uch marta mamlakat Superkubogi g‘olibi bo‘lgan, biroq Germaniya chempionligini qo‘lga kirita olmagan.