Rasman: «Liverpul» 14 yoshli ukrainalik futbolchi bilan shartnoma imzoladi
Ukraina U15 terma jamoasi yarimhimoyachisi Miroslav Vaskovskiy faoliyatini «Liverpul» tizimida davom ettiradi. 14 yoshli futbolchining transferi haqida rasmiy xabarni mersisaydliklar matbuot xizmati e’lon qildi.
«Liverpul» futbolchining transferini yakunladi. Vaskovskiy Avstriyaning «Avstriya» klubidan Angliyaga ko‘chib o‘tgan bo‘lib, u Kiyevning «Lokomotiv» akademiyasida tarbiyalangan.
«Liverpulga xush kelibsiz, Miroslav!» — deya yozilgan klub xabarida.
Ukrainalik iste’dod 2022 yilda «Avstriya»ga qo‘shilgan, 2025 yil iyul oyidan esa mersisaydliklar akademiyasida tayyorgarlikdan o‘tgan. Dekabr oxirida «qizillar» barcha formalitetlarni hal qilib, rasmiy bitimni yopdi.
Dekabr oyida Vaskovskiy UEFA rivojlanish turnirida ishtirok etish uchun Ukraina U15 terma jamoasiga chaqiruv oldi. Joriy mavsumda u «Liverpul»ning U14 va U15 jamoalarida maydonga tushadi.