Rasman: Kiran Trippier mavsum yakunida «Nyukasl»ni tark etadi
Angliyalik tajribali himoyachi Kiran Trippier joriy mavsum yakunlangach, «Nyukasl» klubi bilan xayrlashadi. Bu haqda «qarg‘alar» rasmiy sayti ma’lum qildi.
Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi shu yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, tomonlar kelishuvni uzaytirmaslikka qaror qilishdi. Trippier «Nyukasl» sharafini 2022 yilning yanvar oyidan buyon himoya qilib kelmoqda. O‘tgan vaqt mobaynida u jamoa safida barcha musobaqalarda 157 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 29 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.
Himoyachi «Nyukasl» tarkibida 2024/2025 yilgi mavsumda Angliya Liga Kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Kiran Trippier «Manchester Siti» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida u «Bernli», «Tottenhem» va Madridning «Atletiko» jamoalarida ham to‘p surgan. Hozircha futbolchining keyingi manzili borasida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.