Rasman: Kingsli Sarfo — «Dinamo» futbolchisi
Samarqandning «Dinamo» klubi Dubaydagi yig‘in davomida o‘tkazilgan ko‘riklardan so‘ng yana bir legioner futbolchi bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi.
2026 yilgi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish doirasida Gana terma jamoasining 30 yoshli yarimhimoyachisi Kingsli Sarfo «Dinamo» PFK safiga erkin agent sifatida qo‘shildi. Tomonlar bir yillik shartnoma imzoladi.
Markaziy yarimhimoyachi bo‘lgan Sarfo so‘nggi to‘rt mavsum davomida Kiprning APOEL klubi sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u faoliyati davomida «Olimpiakos Nikosiya», Shvetsiyaning «Malmyo» va «Sirius» jamoalarida ham to‘p surgan.
Futbolchi Yevropa Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasining saralash hamda asosiy bosqichlarida ishtirok etish tajribasiga ega.
Klub rahbariyati Kingsli Sarfo «Dinamo» safida o‘zining eng yaxshi fazilatlarini namoyon etib, samarqandlik muxlislar ishonchini qozonishiga umid bildirdi.