Rasman: Kilian Mbappe «Real»da mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi
Madridning «Real» klubi o‘zining rasmiy saytida 2025/2026 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra jamoaning eng yaxshi futbolchisi nomini e’lon qildi. Ushbu nufuzli mukofot «qaymoqranglilar»ning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappega nasib etdi. E’tiborli jihati, iste’dodli forvard Madrid klubida ketma-ket ikkinchi mavsumdirki tengsiz deb topilmoqda va jamoa muvaffaqiyatlariga ulkan hissa qo‘shishda davom etmoqda.
Mbappe yakunlangan Ispaniya La Ligasida raqiblar darvozasini 25 bor ishg‘ol etgan holda turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Shuningdek, u joriy mavsumdagi UEFA Chempionlar Ligasi bahslarida ham 15 ta gol urib, turnir goladorlari ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda. Kilian Mbappe o‘tgan mavsum davomida «Qirollik klubi» safida jami 44 ta uchrashuvda maydonga tushdi va o‘z hisobiga 42 ta gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Fransiyalik yulduz mavsum davomida to‘rt marta «Real»da oyning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi. Garchi jarohati sababli mavsum oxiridagi bir nechta muhim o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, uning qayd etgan umumiy ko‘rsatkichlari ushbu yuksak e’tirofga loyiq ko‘rilishi uchun to‘liq kifoya qildi.