Rasman: Jahon chempioni Lukas Podolski faoliyatini yakunladi
Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Lukas Podolski professional futbolchilik faoliyatiga yakun yasadi. Bu haqda u oxirgi paytlarda toʻp surayotgan Polshaning «Gurnik» klubi matbuot xizmati xabar berdi.
«Bir sahifa yopildi. Yangi era boshlanmoqda. Jahon chempioni Lukas Podolski shu dam olish kunlarida oʻzining muvaffaqiyatli faoliyatini yakunlaydi. Endi u oʻz bolalik klubi — «Gurnik»ning toʻlaqonli xoʻjayiniga (egasiga) aylanadi. Hammasi uchun rahmat, Poldi!» — deyiladi Polsha klubi bayonotida.
Maʼlumot uchun, 40 yoshli futbolchi oʻz faoliyati davomida «Kyoln», «Bavariya», «Arsenal», «Inter», «Galatasaroy», «Vissel Kobe» va «Antalyaspor» kabi klublarda oʻynagan. Podolski Germaniya terma jamoasi safida 2014 yilgi Jahon chempionatida gʻolib chiqqan edi.