Rasman: Ivan Provedel «Inter» klubiga ko‘chib o‘tdi
Italiyaning amaldagi chempioni «Inter» Rimning «Latsio» klubi darvozaboni Ivan Provedelni o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. Milanliklar matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, klublar to‘liq transfer borasida yakuniy kelishuvga erishgan. 32 yoshli darvozabon bilan 2029-yilning iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolandi.
Ivan Provedel 2022-yilning yozidan buyon «Latsio» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Ungacha u «Spesiya», «Empoli» va Italiyaning bir qator boshqa jamoalarida o‘ynagan. Yakunlangan mavsumda tajribali posbon barcha turnirlarda 29 ta o‘yinda maydonga tushib, ularning 12 tasini «nol» bilan yakunlagan va o‘z darvozasidan 30 ta gol o‘tkazib yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, shartnomasi yakunlangani sababli shveysariyalik darvozabon Yan Zommer yaqinda «Inter»ni tark etgan edi. Provedel jamoada Xosep Martines bilan raqobatlashishi kutilmoqda.